Virtual qabulxona

III “Biznesda halollik” xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Asosiy yangiliklar 2 412 marta körilgan

Joriy yilning 18-dekabr kuni “Biznes amaliyotida va davlat tomonidan biznes faoliyatini tekshirish jarayonlarida korrupsiya xavflarini kamaytirish” mavzusida III “Biznesda halollik” xalqaro biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Biznes-ombudsman, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan bu yilgi Forumda xorijiy Biznes-ombudsmanlar, vazirlik va idoralar, nazorat organlari, tadbirkorlik subyektlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forumning asosiy maqsadi biznes huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish tizimini isloh qilish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashishdan iborat.

Tadbirda O‘zbekistonda halol biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va rag‘batlantiruvchi imtiyozlar hamda preferensiyalarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvlar, kelgusidagi vazifa va maqsadlar atroflicha muhokama qilindi.

Forumda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinborsari Umed Mavlyanov davlat organlari va xususiy sektorni shaffof, ochiq faoliyat yuritishini hamda biznesda halollikni taʼminlash, davlat tomonidan biznes faoliyatini tekshirish jarayonlarida korrupsiya xavflarini kamaytirishning dolzarb masalalariga oid fikr-mulohazalar bilan ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 2024-yil boshida tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi, bu reyting qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

2021-yilda o‘tkazilgan birinchi forum O‘zbekiston biznes halolligi xartiyasini qabul qilinishi bilan ahamiyatli bo‘ldi, u moliya, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xaridlari kabi muhim sohalarda shaffoflik va halollikning yuqori standartlarini belgilaydi.

Hujjat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qisqa vaqt ichida Xartiyaga 500 dan ortiq tadbirkor qo‘shildi va bu bilan halol raqobat, korrupsiyaning oldini olish, ijtimoiy masʼuliyat tamoyillariga rioya qilish, ochiqlikni taʼminlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Forum yakunida tadbirkorlik subyektlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasiga qo‘shilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar