Ishga qabul qilishda korrupsiyaviy xavflarni baholashning yagona mezonlari joriy etildi
Davlat organi yoki tashkilotida ishlagan xodim ishdan bo‘shaganidan keyin 2 yil davomida o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilinishida korrupsiyaviy xavflarni baholashning yagona mezonlari joriy etildi.
Unga ko‘ra, avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan har bir holat bo‘yicha xavf darajasi “past”,“o‘rta” va “yuqori” toifalarbo'yicha baholanadi.
▫️Quyidagi barcha holatlar mavjud bo‘lganda xodimning korrupsiyaviy xavf darajasi “past” deb baholanadi:
- ilgari mazkur tashkilot faoliyati ustidan bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirmagan bo‘lsa;
- egallashi rejalashtirilayotgan yangi lavozimi davlat xaridlari, moliyaviy resurslarni boshqarish, litsenziyalash yoki ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq bo‘lmasa;
- faoliyati davomida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmagan bo‘lsa.
▫️Quyidagi holatlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lganda xodimning korrupsiyaviy xavf darajasi “o‘rta” deb baholanadi:
- ishga qabul qilinayotgan tashkilot faoliyatini ilgari bilvosita nazorat qilgan bo‘lsa;
- egallashi rejalashtirilayotgan yangi lavozimi davlat xaridlari, moliyaviy resurslarni boshqarish, litsenziyalash yoki ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq bo‘lsa;
- manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelish ehtimoli mavjud bo‘lib, uni tashkiliy huquqiy choralar orqali bartaraf etish imkoniyati mavjud bo‘lsa;
- mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan davlat organi yoki tashkilotida korrupsiyaviy omillar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lsa.
▫️Quyidagi holatlardan biri yoki bir nechtasi mavjud bo‘lganda xodim korrupsiyaviy xavf darajasi “yuqori” deb baholanadi:
- ishga qabul qilinayotgan tashkilot faoliyatini ilgari bevosita nazorat qilgan bo‘lsa;
- davlat organi yoki tashkilotidagi faoliyati davomida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik(lar) sodir etgan bo‘lsa;
- manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lib, uni tashkiliy-huquqiy choralar orqali bartaraf etish imkoniyati mavjud bo‘lmasa.
Baholash natijasiga ko'ra, ishga qabul qilishga rozilik berish, muayyan cheklovlar bilan rozilik berish yoki ishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida xulosa rasmiylashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati