Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik yanada kengaytiriladi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinib, xususan, quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- — qo‘shma loyihalar va tadqiqotlarni amalga oshirish;
- komplayens nazorat tuzilmalari xodimlari uchun uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
- sohaga oid xalqaro hujjatlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish jarayonlariga universitet professor-o‘qituvchilari va ekspertlarini jalb etish;
- universitet talabalarining Agentlikda malakaviy amaliyot o‘tashini tashkil etish.

Muloqot yakunida mazkur choralarni amalga oshirish, Agentlik va Universitetning o‘zaro aloqalarini institutsional darajada mustahkamlash hamda uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida hamkorlik kelishuvi imzolanishi belgilab olindi.

Shundan so‘ng mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etib kelinayotgan "Rahbar va yoshlar" turkum tadbirlari doirasida Agentlik direktorining universitet talabalari bilan ochiq muloqoti ham o‘tkazildi.

Muloqot davomida yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, halollik qadriyatlarini keng targ‘ib qilish hamda ularning mazkur jarayonlardagi faol ishtirokini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda universitetda “Aksilkorrupsiya volontyorlari” harakatini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Muloqot chog‘ida talabalarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid taklif va tashabbuslari ham tinglandi. Agentlik direktori ularni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliyotga keng joriy etish yuzasidan oz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati