Virtual qabulxona

JICA ekspertlari ishtirokida davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 1 734 marta körilgan

Joriy yilning 17-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlarining audit hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari masʼul xodimlari uchun JICA tashkiloti eksperti Ichixashi Katsuya va Makino Makumoto ishtirokida “Davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Mazkur tadbir JICA va Agentlik hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Investitsiya muhitini yahshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasi doirasida tashkil etildi.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur loyiha davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi. Loyiha doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Yaponiyada Agentlik hamda masʼul idoralar xodimlari uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari, tajriba almashish kurslari, seminar-treninglar orqali amalga oshiriladi.

JICA tomonidan loyiha asosida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olishga ko‘maklashish uchun yaponiyalik ekspertlar jalb etilgan.

Seminar avvalida O‘zbekistonda Davlat xaridlari sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida davlat xaridlari sohasida xaridlarni elektron shaklda o‘tkazishning umumiy qoidalari va shartlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki vakillari bilan hamkorlikda davlat xaridlari sohasida korrupsiyaviy holatlarni aniqlovchi va shaffoflikni taʼminlovchi elektron platforma ishlab chiqildi.

2023 yil 1 martdan vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlandi.

Amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, ushbu soha korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan hamda eng ko‘p korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari amalga oshirilayotgan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda. Seminarda shu haqda alohida so‘z yuritilib, bunga ochiqlik, raqobat, nazorat va monitoring, meʼyoriy-huquqiy bazaning yetarli yemasligi, tanlov mezonlaring shaffof emasligi va xaridlar jarayonida huquqbuzarliklar uchun yetarli darajada javobgarlikning yo‘qligi kabi omillar sabab bo‘layotgani taʼkidlandi.

Muloqot mobaynida davlat xaridlaridagi korrupsiyaning oldini olish, davlat xaridlari ustidan nazoratni amalga oshirish, sohada qonunchilikka rioya etish va mazkur jarayonlarda masʼul idora va tashkilotlarning ishtirokiga oid taqdimotlar qilindi. Qayd etilishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish doirasida davlat buyurtmachilariga davlat xaridlari jarayonida affillanganlik bo‘yicha maʼlumotlarni taqdim etish majburiyati yuklatildi. Affillangan shaxslarni elektron tizim orqali avtomatik tarzda aniqlash imkoniyati yaratildi. 2023-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat xaridlari tizimini yana-da rivojlantirish va takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqildi. Endilikda korrupsiya xatarlarining ko‘rsatkichlari va ularning baholash mexanizmlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan masofaviy risk tahlillarida 25 mlrd so‘mlik xarid tartib-taomillarini buzish xavflari aniqlanib, tegishli chora ko‘rish bo‘yicha 6 ta vazirlikka ko‘rsatmalar yuborildi. Xarid tartib-taomillarini buzgan 135 nafar mansabdor shaxsga maʼmuriy choralar ko‘rildi.

O‘z navbatida, yaponiyalik ekspertlardavlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olishda Yaponiya davlati tajribasi bo‘yicha batafsil maʼlumot berishdi. Jumladan,Ichixashi Katsuyaga ko‘ra, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun, “Mahalliy avtonomiya to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlarida tender o‘tkazish tartibi nazarda tutilgan bo‘lib, unda taklifi mijoz uchun eng foydali bo‘lgan ishtirokchi kontragent sifatida tanlanadi va shartnoma ishtirokchi tomonidan taqdim etilgan shartlar asosida tuziladi. Bir guruh korxonalar yoki korxonalar birlashmasi tomonidan potensial ishtirokchilarni yoki potensial pudratchilarni tanlab olish usulini belgilash bunday savdo tizimining funksiyasiga putur yetkazadi va tender usulida xarid qilinadigan tovarlar yoki xizmatlar oldi-sotdilarida raqobatni cheklaydi.

Shuningdek,muhokamalar jarayonida xalqaro standartlar asosida xaridlar sohasida korrupsiyaning salbiy taʼsirini minimallashtirish, davlat moliyasini boshqarishda shaffoflik va javobgarlikka erishish, shu jumladan, byudjetlashtirish, davlat daromadlari va xarajatlari to‘g‘risida hisobot berish, audit va xavf-xatarlarni boshqarish, xaridlar tartib-qoidalarida manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining ochiqligini taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Mazkur seminar JICA bilan hamkorlikdagi loyihaning ilk tadbiri bo‘lib, kelgusida ham bir qator seminar-treninglar, tajriba almashish kurslarini tashkil etish hamda amaliy materiallar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar