Virtual qabulxona

Jizzax viloyatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 057 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan hududlarda korrupsiyaga oid dasturlar, belgilangan vazifalar ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida muhokamalar o’tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlarning navbatdagisi Agentlik direktori o‘rinbosari U.Tuxtasheva ishtirokida Jizzax viloyatida bo'lib o'tdi. Dastlab viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi faoliyati o’rganildi.

Kengashning 2025-yilda amalga oshirilgan loyihalar muhokama qilindi, kengash a’zolarining fikr-mulohazalari tinglandi.

Shuningdek, hududdagi nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) ni korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga keng jalb etish, ular tomonidan amalga oshirilayotgan grant loyihalari ustidan hududiy kengash nazoratini kuchaytirish, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha tahlillar o‘tkazib, aniq takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi muassasalarda GRACE dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi.

Xususan, hududdagi maktablarda “Halollik to’garaklari” o’ziga xos shakllarda tashkil etilgani, halollik, mehnatsevarlik kabi tushunchalarning ijodiy yondashuv asosida tashkil etilgani qayd etildi.

Shuningdek, har bir maktabning ijobiy tajribalarini o’rganish hamda eng yaxshilarini ommalashtirish bo’yicha tavsiyalar berildi.

Maktabgacha ta’lim muassalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida tarbiyalanuvchilar uchun tashkil etilgan kurslarning samaradorligini oshirish uchun qo’g’irchoq teatrlari faoliyati orqali halollik mavzusidagi ertaklar namoyish etilgani ma’lum qilindi.

Viloyatdagi qator oliy ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, ilmiy jarayonlarda korrupsiyaning oldini olish, Kovorking markazlari va aksilkorrupsiya volontyorlari faoliyati hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi doirasida o‘qitish jarayonlarining holati ham o‘rganildi.

O'rganishda universitetlarda korrupsiyaning oldini olish, pedagogik jamoani rag’batlantirish, raqamlashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, Jizzax davlat pedagogika universitetida talabalar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda davlat siyosatida yoshlarning ishtiroki, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlarida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Viloyatda faoliyat yuritayotgan NNT vakillari bilan uchrashuv doirasida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi grantiga ega bo‘lgan ijtimoiy loyihalar taqdimot qilindi.

Uchrashuv yakunida NNTlarining tashabbuslarini kuchaytirish, amalga oshirilayotgan loyihalarning mazmuni va amaliy samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar