Jurnalistlar va NNT vakillari korrupsiyaga qarshi kurashda yanada faollashadi
Joriy yilning 25-fevral kuniKorrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosida Latviya Respublikasi delegatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni mustahkamlash, jurnalistlar va NNT vakillarining salohiyatini oshirish hamda OAVlarning huquqiy himoyasini ta’minlash masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Jumladan, Gunta Sloga – Boltiqbo‘yidagi OAVni rivojlantirish markazi direktori, Kintija Kleina – Riga Oliy yuridik maktabining xalqaro loyiha menejeri, Ieva Yaunzeme – Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi huzuridagi Moliya vazirligi attashesi, “O‘zbekiston davlat boshqaruvi salohiyatini oshirishga ko‘maklashish” loyihasi menejeri bilan hamkorlikdagi loyihalar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Muloqot mobaynida surishtiruv jurnalistikasi va korrupsiyaga oid tadqiqot usullari xususida o'zaro fikr almashildi. Latviya va O‘zbekiston tajribasini o‘rganish, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish va surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha qiyosiy tahlil o‘tkazish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Rejaga muvofiq, “Korrupsiyaga qarshi kurashda ommaviy axborot vositalarining roli”, “Korrupsiyani tekshirish uchun ochiq ma'lumotlardan foydalanish usullari” va “Korrupsiyaga qarshi jurnalistika etikasi” kabi mavzularda treninglar o’tkazilishi ko'zda tutilmoqda.

Muhokamada ta’kidlandiki, treninglar yakunida jurnalistlar uchun jurnalistik surishtiruv bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi, eng yaxshi surishtiruv loyihalariga grantlar ajratilishi mumkin. Tanlov g‘oliblari Latviya davlatiga tajriba almashish uchun yuboriladi.
Uchrashuv so’nggida Agentlik va Latviya delegatsiyasi kelgusida hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston jurnalistlarini qo‘llab-quvvatlash, OAV salohiyatini oshirish bo‘yicha rejalar va tegishli loyihani davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati