Konrad Adenauer jamg‘armasi bilan hamkorlikdagi reja va maqsadlar belgilab olindi
Joriy yilning 16-17 fevral kuni Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi ko‘magida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun seminar tashkil etildi.

Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish va samarali faoliyat ko‘rsatishini tashkillashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida korrupsiyaga qarshi monitoring olib borish masalalarida o‘zaro fikr almashildi.
Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen bu borada Germaniya tajribasi hamda xalqaro amaliyotdagi ilg‘or yutuqlar xususida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

17-fevral kuni Agentlik direktori A.Burxanov Konrad Adenauer jamg‘armasi hamda Agentlik o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni izchil davom ettirish va kelgusida hamkorlikdagi loyihalar ko‘lamini yana-da kengaytirish maqsadida A.Algermissen bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Agentlik direktori O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik uchun masʼul organlarning institutsional salohiyatini takomillashtirish, komplayens-nazorat tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish va bunda jamg‘armaning eskpertlik, metodologik ko‘magi bundan keyin ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, mahallalarda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini faol olib borish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqish va amalga oshirish taklifi ilgari surildi.

Uchrashuv so‘nggida kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda seminar va treninglar tashkil etish, sohaga oid tadqiqotlarni tashkil etish, ochiqlik borasidagi jamoatchilik nazorati faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish kabi muhim yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati