“Korrupsiya muammolarini tadqiq qilish ofislari” ish boshladi
Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, xususan, korrupsion jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish, jazo muqarrarligini taʼminlash bo‘yicha dolzarb masalalar, kelgusi vazifalar belgilab berildi.

Mazkur vazifa va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 13-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ilmiy tadqiqot muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari va ekspertlar ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi jinoyatchilik omillarini aniqlash: ilmiy yondashuv va amaliy yechimlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi jinoyatchilik omillarini aniqlash va bartaraf etishda ilmiy yondashuvning ahamiyati va bu boradagi salohiyatni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Qayd etilganidek, 2020-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida deyarli tadqiqotlar qilinmagan bo‘lsa, tinglovchilari tomonidan 2021-2023-o‘quv yillarida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ilmiy jihatdan dolzarb mavzular bo‘yicha 20 ga yaqintadqiqot ishlari amalga oshirildi. Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun “Korrupsiya muammolari (yuridik fanlar)” ixtisosligi bo‘yicha 10 ga yaqin dissertatsiya himoya qilindi.

Ayni paytda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi”ni imkoniyatlaridan ham ilmiy tadqiqotlarni tizimli va samarali tashkil etishda foydalanilmoqdaa.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmasiga asosan Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan "Korrupsiya sohasidagi jinoyatchilikning oldini olish” nomli fundamental ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasi ishga tushirildi.

Loyihani amalga oshirishdan maqsad korrupsiya sohasidagi jinoyatchilikning salbiy tendensiyalari hamda omillarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, mavjud kamchilik va muammolarni ilmiy diagnoz asosida aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishdan iborat.
Ushbu loyiha doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashabbusi asosida Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda har ikkala tashkilot huzurida “Korrupsiya muammolarini tadqiq qilish ofislari” tashkil etildi.

Ularning asosiy vazifasi korrupsiya sohasidagi ilmiy takliflar, g‘oyalar va ishlanmalar tahlilini umumlashtirish, jinoyatlarning oldini olish masalalarini tizimlashtirilgan holda tadqiq etish hamda ularni tadqiqot natijalarida aks ettirishdan iborat.
Xususan, Agentlik huzuridagi loyiha ofisi samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur texnika vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, unda tadqiqotchilar uchun turli axborot bazalari va platformalardan foydalanish hamda korrupsiyaviy holatlar, statistik ko‘rsatkichlarni onlayn tarzda kuzatib borish va tahlil qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Ofisda sohaga doir 40 dan ortiq ilmiy ishlanmalar, tadqiqotlar va eng so‘nggi adabiyotlar o‘rin olgani tadqiqot sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Davra suhbati doirasida Agentlik hamda Kriminologiya tadqiqot instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mazkur Memorandum korrupsiya sohasidagi jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish sohasida ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish, mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlilini amalga oshirish, faoliyatga doir milliy va xorijiy ilmiy va boshqa manbalarda eʼlon qilingan materiallarni qiyosiy tahlil qilish, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf qilish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish kabi qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni ko‘zda tutadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati