Virtual qabulxona

Agentlik huzuridagi Ekspertlar kengashi bilan 2026-yildagi vazifalar muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 841 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish doirasida Agentlik rahbariyati ishtirokida Agentlik va Ekspertlar kengashining 2025-yildagi faoliyati yakunlari hamda 2026-yilning I yarim yilligiga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, 2025-yilda O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, manfaatlar to‘qnashuvini erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida taʼlim dasturlarini tashkil etish, shuningdek, ichki nazorat tizimlarining faoliyatini tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shuningdek, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligi alohida ahamiyatga ega.

Ushbu jarayonlarga Ekspertlar guruhi aʼzolari faol hissa qo‘shdi. Jumladan, o‘tgan yil davomida Ekspertlar guruhi aʼzolari Davlat rahbarining PQ-228-son qarori ijrosi doirasida oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tafsiyaviy yillik ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirishda ishtirok etdi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amaldagi islohotlar va huquqni qo‘llash amaliyotidagi dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot mavzulariga takliflar taqdim etildi.

Ekspertlar guruhi aʼzolari tomonidan jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi. Hisobot yilida 2 ta monografiya ishlab chiqildi, 10 dan ortiq ilmiy hamda ilmiy-ommabop maqolalar respublika va xorijiy nashrlarda chop etildi.

Yig‘ilishda Ekspertlar guruhi va Agentlik hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, ular yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish va ekspertlik takliflarini taqdim etish lozimligini bildirishdi. Bunda asosiy eʼtibor korrupsiya eng ko‘p uchrayotgan sohalarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari, jumladan, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Homiylik to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonunlarga qaratiladi.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi ilmiy tadqiqot mavzularini shakllantirish va natijalarini ommalashtirish, Virtual akademiya uchun o‘quv dasturlari va modullar ishlab chiqish, shuningdek, xabar beruvchilarni himoya qilish tartibini takomillashtirish masalalarida ekspertlik ko‘magini ko‘rsatish zarurati yuzasidan fikr almashildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar