Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yangilangan tarkibi o‘z faoliyatini boshladi

Asosiy yangiliklar 2 685 marta körilgan

Joriy yilning 15-noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining taʼsis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda kengashning asosiy maqsad va vazifalari hamda boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan siyosat va chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga ko‘maklashish Jamoatchilik kengashi oldida turgan asosiy maqsadlardan biri ekanligi qayd etildi.

Yangi tarkibdagi kengashning 60 foizini fuqarolik jamiyati instituti vakillari tashkil etishi Agentlikning aholi bilan muloqoti yangi bosqichga ko‘tarilganligini anglatadi. Shuningdek, aʼzolarning 24 foizini ayollar tashkil etishi gender masalasi korrupsiyaga qarshi kurashishda ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganligiga misol bo‘ladi.

O‘zaro qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan yig‘ilishda aʼzolar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xususan, Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasida ishtirok etish, korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalar bo‘yicha jamoatchilik eshituvini tashkil etish, xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan turli loyihalarni o‘tkazish va boshqalar shular jumlasidandir.

Shuningdek, yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.

Jumladan, aʼzolarning bir ovozdan maʼqullashlari asosida Kengash raisi etib Demokratiya va inson huquqlari instituti respublika jamoat birlashmasi direktori o‘rinbosari F.Otaxonov, uning o‘rinbosarlari sifatida “Mening yurtim” telekanali jurnalisti Yu.Olimova, “Deli.uz” xususiy korxonasi rahbari X.Mamasaidov saylandi.

Yig‘ilish so‘nggida kengash aʼzolarining faoliyati samarali bo‘lishi, fikrlar xilma-xilligi aynan jamoatchilik bilan muloqot orqali yuzaga chiqishi yana bir bor taʼkidlab o‘tildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar