Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Yevropa Ittifoqi hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi
Joriy yilning 15-may kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati Yevropa Komissiyasi xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh boshqarmasi inson taraqqiyoti, migratsiya, boshqaruv va tinchlik masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Erika Gerretsen hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda Yevropa tomoniga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, dasturiy va strategik hujjatlar ishlab chiqilishi, ushbu jarayonda nodavlat tashkilotlar, ilmiy doira vakillari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maʼlumot berildi.
Shuningdek, davlat xaridlari, davlat organlari ichki nazorat tuzilmalari, korrupsiyani qabul qilish milliy indeksi hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik kabi qator amaliyot va loyihalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

O‘z o‘rnida, tomonlar Yevropa Ittifoqi bilan ishga tushiralayotgan hamkorlik loyihasi doirasida yaqin istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati