Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash tizimiga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens-nazorat) faoliyatiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, tuzilma xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish ishlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda.
Ayni maqsadga qaratilgan tadbirlarning navbatdagisi joriy yilning 27-mart kuni 30 nafardan ziyod komplayens-nazorat xodimi uchun “E-Anticor.uz” elektron platformasidan foydalanish tartibi, davlat organi va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash tizimi yuzasidan o‘tkazildi.

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qaroriga ko‘ra, baholash 29 ta maxsus indikator asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Mashg‘ulotlar mobaynida reyting baholash yo‘nalishlari va indikator ko‘rsatkichlarini tahlil qilish usullari va aniq mezonlari ko‘rib chiqildi.

Seminarda o‘tgan yilgi reyting baholashda “yaxshi” deb topilgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Agrobank” ATB vakillarining o‘z faoliyatlari misolida erishilgan ijobiy natijalarini ommalashtirishga qaratilgan taqdimotlar qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati