Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashishning xalqaro standartlarini joriy etish bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar taqdim etildi

Asosiy yangiliklar 1 059 marta körilgan

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan AQSh Davlat departamentining Xalqaro giyohvand moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari byurosi ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshirilgan qo‘shma loyiha yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Loyiha doirasida IHTT tomonidan berilgan tavsiyalarni O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha xalqaro ekspertlar tomonidan beshta ustuvor yo‘nalishdan iborat amaliy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Xususan, ular korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik mexanizmlarini takomillashtirish, biznesda halollikni ta’minlash hamda davlat xaridlari tizimida korrupsiyaning oldini olish masalalarini qamrab olgan.

Mazkur materiallarni tayyorlash doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida IHTT ekspertlari, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul davlat idoralari rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida tematik muhokamalar tashkil etildi.


Tadbirda ushbu amaliy qo‘llanmalar taqdimot qilinib, ularda nazarda tutilgan xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajriba va milliy tizimni takomillashtirishga qaratilgan aniq tavsiyalar atroflicha muhokama qilindi.

Asosiy e’tibor xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va amaliyotga moslashtirish, shuningdek, tegishli sohalarda korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini yanada kuchaytirish masalalariga qaratildi.

Muhokamalar yakunida mas’ul davlat organlari va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, zarur qonunchilik va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelgusi amaliy qadamlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Matbuot xizmati

Öxşaş materiallar