Korrupsiyaning oldini olishda Serbiya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yilning 19-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Serbiya Respublikasining Korrupsiyaning oldini olish agentligi rahbari Deyan Damnyanovich o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maʼlumot uchun: Serbiya Respublikasining Korrupsiyaning oldini olish agentligi (Agensiјa za sprechavaњye korupsiјye) 2009 yilda tashkil etilgan. Agentlik davlat xizmatchilari tomonidan moliyaviy deklaratsiyalarni taqdim etishni nazorat qilish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va korrupsiyaga qarshi milliy strategiyalarni amalga oshirish kabi muhim vazifalarni bajaradi.

Uchrashuv davomida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidlab, ikki agentlik o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va kuchaytirish, tajriba almashish va hamkorlik Memorandumini imzolash masalalarini muhokama qildilar.
Xususan, A.Burxanov O‘zbekistonda aksilkorrupsiya va davlat xizmatida halollik sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jamoatchilikni sohaga jalb etish va hududlarda amalga oshirilayotgan tashabbuslarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘r o‘rnida, Serbiya aksilkorrupsiya idorasi rahbari o‘z mamlakatida korrupsiyaga qarshi kurashishda halollik, davlat xizmatchilari daromadlari deklaratsiyasi, korrupsiyaviy xatarlarni baholash kabi qator amaliyotlari haqida gapirib berdi.

Shuningdek, muloqot chog‘ida D.Damnyanovich joriy yil 27-28 may kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Tashkent Law Spring” oyligi doirasida O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilganini maʼlum qildi.
Tashrif davomida Serbiya Korrupsiyaning oldini olish agentligi rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi tajriba va amaliyot almashinuvi mexanizmlarini muhokama qilish va hamkorlik Memorandumi imzolash masalasini ko‘rib chiqish rejalashtirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati