Virtual qabulxona

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotiga bag‘ishlangan ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 937 marta körilgan

Joriy yilning 13-14-fevral kunlari davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari (komplayens-nazorat) xodimlari uchun “E-anticor.uz” elektron platformasidan foydalanish tartibi va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotiga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.

Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qaroriga muvofiq, ichki nazorat tuzilmalari xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ularga uslubiy yordam berish borasida Agentlik tomonidan muntazam tashkil etib kelinayotgan o‘quvlarning navbatdagisidir.

Maʼlumki, 2022-yil 1-sentyabridan boshlab, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy baholash tartibi joriy etildi.

Unga ko‘ra, har yili davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi past, o‘rta, yuqori o‘lchovlarda baholanadi.

O‘tgan yili Agentlik tomonidan 39 ta vazirlik va idoralarning umumiy 1701 ta funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkazildi. Joriy yilgi baholashda esa 116 ta davlat organlari va tashkilotlari qamrab olinmoqda va mazkur jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.

Seminar-treningda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va to‘g‘ri baholash tartiblari, mezonlari, davriyligi, baholash natijalari bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Har bir aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarning tavsifi va darajasi, ularni bartaraf etish bo‘yicha choralarni o‘z ichiga oluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish masalasi amaliy misollarda ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “E-anticor.uz” elektron platformasiga maʼlumotlarni kiritish tartibiga eʼtibor qaratilib, bu borada ishtirokchilar duch kelayotgan muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Ishtirokchilarga korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish va kamaytirish bo‘yicha zarur maʼlumotlar, kerakli tavsiyalar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Öxşaş materiallar