Korrupsiyaga oid xavf xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti tasdiqlandi
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti tasdiqlandi.
Maqsad — davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga sabab bo‘luvchi omillarni oldindan aniqlash, xavf darajasini dalillar asosida baholash hamda ularni bartaraf etish choralarini belgilashdan iborat.
Korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni aniqlash va baholashda quyidagilar ishlab chiqiladi:
- jarayonlar reyestri;
- korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasi;
- korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlar dasturi;
- korrupsiyaga oid xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati;
- korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri;
- monitoring hisoboti.
Chora-tadbirlar dasturi va korrupsiyaga oid xavf-xatari yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati “E-Anticor.uz” elektron platformasida jarayonlar reyestri hamda korrupsiyaga oid xavf-xatarlar xaritasidagi ma’lumotlar asosida avtomatik shakllantiriladi.
Baholash davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparati, hududiy va tarkibiy bo‘linmalarini qamrab oladi hamda maxsus bo‘linma yoki u mavjud bo‘lmaganda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Baholashni tashkil etish va belgilangan choralar ijrosi uchun birinchi rahbar shaxsan javobgar hisoblanadi.
Baholash har yili 1-fevralga qadar o‘tkaziladi, xavf-xatarlar xaritasi va chora-tadbirlar dasturi 1-martga qadar “E-Anticor.uz” platformasi orqali Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Xavf-xatarlarni aniqlashda ichki va tashqi axborot manbalari hamda 9 turdagi shubhali holat (keng diskretsion vakolatlar, mezonlarning aniq emasligi, bevosita muloqot, jarayonning muhim bosqichlari bir shaxsda jamlanishi, takroriy shikoyatlar va boshqalar) alohida tahlil qilinadi.
Baholashda 4 ta majburiy mezon inobatga olinadi:
➖korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar statistikasi
➖murojaatlar va OAVdagi xabarlar;
➖jarayonning raqamlashganlik darajasi va inson omili taʼsiri;
➖jarayonning huquqiy tartibga solinganlik darajasi;
Xavf belgilari dalillar asosida oddiy, muhim va og‘ir toifalarga ajratiladi. Belgini tegishli toifaga kiritish statistika, murojaatlar, xizmat tekshiruvlari, ichki audit va axborot tizimlaridagi qaydlar bilan asoslantirilishi shart.
Xavf-xatar darajasi xavf belgilari asosida aniqlanadi:
▫️past – faqat oddiy xavf belgilari mavjud bo‘lganda;
▫️o‘rta – bitta muhim xavf belgisi mavjud bo‘lib, og‘ir xavf belgisi mavjud bo‘lmaganda;
▫️yuqori – kamida bitta og‘ir xavf belgisi yoki ikki va undan ortiq muhim xavf belgisi mavjud bo‘lganda.
Agentlik korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlar dasturi ijrosini har yarim yilda kamida bir marta monitoring qiladi.