Virtual qabulxona

“E-qaror” elektron tizimida hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlik talablariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 669 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida “E-qaror” elektron tizimida hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlik talablariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan seminarlar o‘tkazildi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari, shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimliklarining yuridik xizmat xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida 2026-yilning o‘tgan olti oyi mobaynida mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qaror va farmoyishlarning “E-qaror” elektron tizimida ochiq e’lon qilinishi holati atroflicha tahlil qilindi.

Ma’lumot uchun: Andijon viloyatidagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan 2026-yilning 6 oyida 5750 ta, Farg‘onada 7989 ta hamda Namanganda 6833 ta hujjatlar qabul qilingan. Viloyatlarda jamoatchilik uchun yopiq shaklda qabul qilingan qarorlar ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Andijonda 5 foizga, Farg‘onada 6 foiz, Namanganda 4 foizga kamaygan.

Muloqotda ochiqlik — davlat boshqaruvida shaffoflik va jamoatchilik ishonchini ta’minlovchi muhim mezon ekani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, qabul qilinayotgan hujjatlarni tizimga belgilangan tartibda va o‘z vaqtida joylashtirish, fuqarolar uchun ochiq bo‘lishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni asossiz ravishda cheklamaslik muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, hujjatlarni asossiz ravishda “yashirilgan” yoki “Xizmat doirasida foydalanish uchun” (XDFU) grifi bilan rasmiylashtirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va tushuntirishlar berildi.

Tadbir yakunida “E-qaror” tizimida ochiqlik talablariga qat’iy rioya qilish, hujjatlarni e’lon qilish jarayonida qonunchilik talablariga amal qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar