Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTning Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi o‘rtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolandi
Shu kunlarda AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib turgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifning ilk kuni BMT Bosh Kotibi yordamchisi – Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi ijrochi direktori Aleksandr Zuyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida Agentlik direktori A.Burxanov prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida maʼlumot berib, o‘zaro doimiy tajriba almashish mexanizmlari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi strategiyasini ishlab chiqish, sud-huquq tizimi xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, sohada kadrlar tayyorlashni tizimlashtirishda o‘zaro hamkorlik qilish takliflari ilgari surildi.
O‘z navbatida, BMT vakillari O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar faoliyati va funksiyalarini tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida sohani takomillashtirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida Agentlik hamda Qonun ustuvorligi va xavfsizlik institutlari boshqarmasi o‘rtasida Strategik hamkorlik bitimi imzolandi.

Bitim doirasidaikki idora o‘rtasida O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish salohiyatini BMT standartlari va talablariga muvofiq rivojlantirish, shu jumladan, aksilkorrupsiya siyosatiga oid hujjatlar, kasbiy tayyorgarlik, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlarida amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bitim, jumladan,
➖ korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha maʼlumot va professional materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish orqali O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi siyosati bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish;
➖xalqaro standartlar asosida O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar salohiyatini oshirish;
➖davlat xizmatchilari uchun kasbiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, bu borada ekspertlik va texnik yordam ko‘rsatish;
➖qo‘shma seminar va treninglar o‘tkazish kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

Uchrashuvda hamkorlik bitimining har bir yo‘nalishi bo‘yicha aniq vazifa va rejalar belgilab olindi hamda ularning amalga oshrilishidan har ikki tomon ham manfaatdor bo‘lishi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati