Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi belgilandi

Asosiy yangiliklar 1 041 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur hujjat PF–270-son Prezident Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilgan korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi doirasida ularning korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish sohasidagi faoliyati baholanadi hamda baholash natijalariga ko‘ra sertifikatlashtiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish bo‘yicha mas‘ul vakolatli organ hisoblanadi.

Ushbu tizimni joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Reja-grafik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalari e‘lon qilinganidan so‘ng har yili mart oyida Agentlik tomonidan tasdiqlanadi hamda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi.

Sertifikatlashtirish, avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga ko‘ra faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan oshgan, aholi e‘tirozlari ko‘p kuzatilayotgan, korrupsiyaviy xavf darajasi yuqori bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.

Sertifikatlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • reja-grafikni ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • ishchi guruhni shakllantirish hamda uning tarkibini tasdiqlash;
  • sertifikatlashtirishning hajmi va maqsadlaridan kelib chiqib baholash dasturini tasdiqlash;
  • masofadan turib va (yoki) joyiga chiqqan holda baholashni o‘tkazish;
  • ishchi guruh xulosasini tayyorlash hamda sertifikatlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish.

Sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun ishchi guruh Agentlik direktorining buyrug‘i bilan reja-grafikda belgilangan baholash muddati boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin shakllantiriladi.

Ishchi guruh Agentlikning mas‘ul tarmoq xodimi rahbarligida kamida 7 nafardan iborat toq sonli tarkibda faoliyat yuritadi.

Baholash jarayoni davlat organlari va tashkilotlarining funksional xususiyatlaridan kelib chiqib, ko‘pi bilan 14 ish kuni ichida masofadan turib va (yoki) joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.

Baholash dasturi quyidagi 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlab chiqiladi:

  • ochiqlik va shaffoflikni ta‘minlash;
  • jamoatchilik kengashlari faoliyati orqali jamoatchilik nazoratini ta‘minlash;
  • korrupsiyaviy xavflarni boshqarish tizimining samaradorligi;
  • xodimlarning xizmat faoliyati hamda xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta‘minlash;
  • manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlarini joriy etish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki mexanizmlarni joriy etish;
  • korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatining samaradorligi.

Baholash 100 ballik tizim asosida amalga oshiriladi. Bunda:

81 balldan 100 ballgacha — “yaxshi”;

55 balldan 80 ballgacha — “qoniqarli”;

55 balldan kam — “qoniqarsiz” deb baholanadi.

Faoliyati “yaxshi” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Sertifikat 3 yil muddat davomida amal qiladi.

Faoliyati “qoniqarli” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oydan oshmagan muddat beriladi. Kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilgach, ularga sertifikat taqdim etiladi.

Faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan yoki qo‘shimcha muddatda kamchiliklarni bartaraf etmagan davlat organlari va tashkilotlari sertifikat olmagan deb hisoblanadi. Bu esa tizim joriy etilgunga qadar tashkilot rahbarlariga nisbatan rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘xtatib turish uchun asos bo‘ladi.

Baholash natijalaridan norozi bo‘lgan davlat organi yoki tashkiloti xulosa tuzilganidan so‘ng 30 kalendar kuni ichida apellyatsiya berish huquqiga ega.

Apellyatsiya tashkilot rahbari yoki uning vakolatli vakili ishtirokida 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar