Virtual qabulxona

“Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi: natijalar namoyishi va kelajakka nazar”

Asosiy yangiliklar 2 439 marta körilgan

Joriy yilning 13-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan "Aksilkorrupsiya haftaligi" yakunlariga bag‘ishlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi: natijalar namoyishi va kelajakka nazar” mavzusidagi tadbir bo’lib o’tdi.

BMTning Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamda Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir davlat xizmatchilari, xalqaro hamkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, tadbirkor ayollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida sohada erishilayotgan yutuqlarni hamda korrupsiyadan xoli kelajak qurish strategiyalarini muhokama qilish imkonini berdi.

Tadbirda dastlab Koreyaning “Clean Portal” (“Shaffof portal”) platformasining ilg‘or yutuqlari, zamonaviy qulayliklari asosida takomillashtirilgan fuqarolarning korrupsiya faktlari to‘g‘risida tezkor xabardor qilish imkonini beruvchi elektron platforma taqdimot qilindi. Yangilangan platformada xabar berish jarayonida foydalanuvchi tomonidan batafsil maʼlumot berishi uchun tegishli qulayliklar yaratilgan bo‘lib, sohalar, tashkilotlar, hududlar to‘g‘risidagi tayyor maʼlumotlarni tegishli qatorlaridan birini tanlagan holda orqali belgilash, hodisaning batafsil bayoni, pora miqdori, dalillar va asoslovchi hujjatlarni fayllar ko‘rinishida biriktirish imkoniyati yaratilgan. Statistik maʼlumotlarning jadval ko‘rinishidagi qismida hududlar, sohalar, tashkilotlar kesimida va tegishli vaqt oralig‘idagi maʼlumotlarni saralash filtrlari orqali ko‘rish mumkin.

Tadbirda, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida yo‘lga qo‘yilayotgan davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" loyihalari xususida ham batafsil ma’lumot berildi.

Loyihaning dastlabki bosqichi Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani, Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumani hokimliklarida boshlangan bo‘lib, xodimlar uni o‘zlashtirish bo‘yicha maxsus ta’lim olmoqda.

Ma’lumot o’rnida: "Shaffof shaharlar" va "Halol tumanlar" - bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir. Ushbu loyihalar asosidagi metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida o‘z samaradorligini isbotladi. U 30 ta mahalliy hokimiyat organida qo‘llanildi va 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Muloqot mobaynida kichik grantlar asosida qo'llab-quvvatlangan NNTlar tomonidan o'tkazilgan “Korrupsiya va ayollar tadbirkorligi” mavzusidagi tadqiqot natijalari ko’rib chiqildi. Tadqiqot orqali korrupsiyaning tadbirkor ayollarga ta'siri o’rganildi. Respondentlarning 70% dan ortig'i so'nggi uch yilda korrupsiyaning kamayganini qayd etdi, bu hukumat siyosati samaradorligini aks ettiradi. Bundan tashqari, 69,1% ishtirokchilar fikricha, ko‘proq ayollar rahbarlik lavozimlarida bo‘lsa, korrupsiya kamayadi, bu ularning axloqiy me’yorlarga ko’proq rioya qilishlari va jamoatchilik fikrini qabul qilishlari bilan bog‘liq.

Ushbu xulosalar O‘zbekistonning "Xotin-qizlar, biznes va qonun 2024" hisobotida gender tengligi borasidagi muhim yutuqlarni e’tirof etishi bilan uyg‘unlashgan korrupsiyaga qarshi kurashish va tadbirkor ayollarning iqtisodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun genderga bog‘liq strategiyalar zarurligini ta’kidlaydi.

Tadbir O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbuslari bo‘yicha keyingi qadamlar muhokamasi bilan yakunlandi.

Ushbu tadbir davomida ta’kidlangan tashabbuslar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida, shuningdek, Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko’magida amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" hamda Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi va BMT Taraqqiyot dasturining Seuldagi siyosat markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Koreyaning “Clean Portal”i orqali O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi samarali xabar berish mexanizmini yaratish" (Shaffoflik va hisobdorlik bo‘yicha BRM hamkorligi) loyihalari doirasida hayotga tatbiq etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar