Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda davlat idoralari faoliyati ochiqligini taʼminlashga oid chora-tadbirlar belgilandi

Asosiy yangiliklar 1 785 marta körilgan

”Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq maʼlumotlar ko‘lamini yana-da kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni taʼminlash, shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Farmon bilan 9 ta ustuvor yo‘nalish, 30 ta muhim chora-tadbirlardan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.

Davlat dasturida korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga oid xabarlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xaridlarida tovar (ish va xizmatlar)ning narxlarini nazorat qilish mexanizmlarini yaratish, Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasi bo‘yicha milliy ekspertlar jamoasini bosqichma-bosqich shakllantirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish kabi bir qator muhim maqsadlar belgilangan.

2023-yil 1-dekabrdan boshlab Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati quyidagi maʼlumotlar bilan to‘ldirilmoqda:

➖“Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati;

➖bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati);

➖bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar;

➖nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari.

Shuningek, quyidagi jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:

➖falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun Ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi;

➖barcha akademik litseylar, professional taʼlim muassasalari, maxsus akademik litseylar (“Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining test jarayonlari), shuningdek, prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga kirish imtihonlari;

➖oliy taʼlim muassasalari bazasidagi harbiy taʼlim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlari.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlari orqali davlat idoralarining ishonch telefonlari faoliyati samaradorligini monitoring qilib boradi. Bunda Ishonch telefonlari (Call-markaz) hamda rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan telefon raqamlarning doimiy ravishda ishchi holatdaligi tekshiriladi. Monitoring Agentlik masʼul xodimlari tomonidan masofaviy tartibda o‘tkaziladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha davlat idoralariga taqdimnoma kiritiladi.

Agentlik tomonidan xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda ochiqlikni taʼminlashga masʼul bo‘lgan xodimlarni onlayn o‘qitishga qaratilgan elektron platforma ishga tushiriladi. Elektron platforma o‘quv modullarini yakuni bo‘yicha har bir tinglovchi egallagan bilim va malakasi test sinovidan o‘tkazilib, natijalarini to‘plangan ballar reytingi asosida ochiq eʼlon qilib borish tartibi joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar