Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashlari qayta tashkil etilmoqda
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi yig‘ilishida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati tanqid qilinib, ularning samaradorligi oshirishga qaratilgan aniq vazifalar qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, joriy yilning 14 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida Qashqadaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining taʼsis yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda dastlab viloyatda korrupsiyaga oid jinoyatchilik holatidagi salbiy tendensiya, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashdagi sustkashlik, viloyat va tuman-shahar hokimligi ayrim mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi keskin tanqid qilindi.

Viloyatda bandlik, bank, sog‘liqni saqlash tizimlarida korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida masʼullarning axboroti tinglandi.
– Afsuski, Qashqadaryo viloyatida korrupsiya darajasi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Hududlarning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi reytinglarida ham viloyatning ko‘rsatkichlari yuqori emas. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, hududiy kengash faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, 2025-yilga mo‘ljallangan ish rejasida aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur, – dedi A.Burxanov.

Yig‘ilishda davlat rahbarining topshirig‘iga asosan hududiy kengash tarkibini to‘liq yangilash, Kengash tomonidan har chorakda korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan 1 ta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritib borish masalalari ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, endilikda Kengash ishiga viloyat xalq deputatlari kengashi raisi rahbarlik qiladi.

Muhokamalar mobaynida hududiy kengash faoliyatini tuman, mahalla bilan bog‘liq holda olib borish, korrupsiya omillarini chuqur tahlil etish ishlarini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish lozimligiga alohida urg‘u berildi.

Shuningdek, Koson tumanini “Korrupsiyadan xoli” hududga aylantirish bo‘yicha hududiy kengash bilan birgalikda yangi tajribani amalga oshirish taklifi ilgari surildi.
Bu borada chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash, bunda ayniqsa, sog‘liqni saqlash, bank va bandlik sohalarida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olish lozimligi taʼkidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati