Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi loyihasining dastlabki muhokamasi tashkil etildi

Asosiy yangiliklar 2 487 marta körilgan

Joriy yilning 17-yanvar kuni korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Ekspertlar guruhining yig‘ilishi tashkil etildi.

Yig‘ilishda 2023-yilning 27-noyabr kuni qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi ko‘rib chiqildi.

Dastlab, davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar hamda jarayonda bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Davlat dasturidan o‘rin olgan nodavlat notijorat tashkilotlarni malakasini oshirish, yoshlarda halollik tuyg‘ularini shakllantirish, aholida murosasizlik kayfiyatini paydo qilish, tegishli hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish kabi vazifalar doirasida ekspertlik ko‘magini ko‘rsatishga tayyorliklarini bildirishdi.

Ekspertlar guruhi a’zolari davlat dasturida belgilangan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalasiga e’tibor qaratishdi. Xususan, ichki nazorat tuzilmalarining huquqiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, vakolat va majburiyatlari, shtatlar soni, ichki nazorat tuzilmalari xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablarini belgilash lozimligiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyasi loyihasi yuzasidan Agentlik mas’ul xodimi tomonidan taqdimot qilindi.

Ta’kidlanganidek, Milliy strategiya bilan O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid o‘rta va uzoq muddatli vazifalar belgilanmoqda. Milliy strategiyani ishlab chiqishda davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi korrupsiya xavf-xatarlar tahlil qilindi, xalqaro reyting indekslardagi mamlakatimiz o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar o‘rganildi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari, shuningdek ilmiy tadqiqot hamda ijtimoiy so‘rovnoma natijalari inobatga olindi.

So‘zga chiqqan guruh a’zolari Strategiya loyihasini takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirishdi. Xususan, maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilashda, ularning aholi hayotiga real ta’siridan kelib chiqish, avvalgi dasturlar monitoring va baholashni inobatga olib fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokini kengaytirish borasida vazifalar kengroq o‘rin olishi, ijtimoiy sohalardagi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish, kabi masalalarga alohida e’tibor berish lozimligi bildirildi.

Ekspertlar tomonidan 20-yanvarga qadar Strategiya loyihasini batafsil o‘rganib chiqish hamda guruh a’zolari tomonidan asoslantirilgan takliflar taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar