Virtual qabulxona

Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi beshinchi Milliy maʼruza muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 1 209 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi beshinchi Milliy maʼruza Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Agentlik direktorining o‘rinbosari Umida Tuxtasheva axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, 2025-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan:

- Prezident Administratsiyasi tarkibida Komplayens xizmati tashkil etildi, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari joriy qilinib, ichki nazorat bo‘linmalari mustaqil tuzilma sifatida qayta tashkil etildi;

  • korrupsiya xavfi yuqori sohalarda maishiy korrupsiyaning asl sabablarini joyiga chiqib o‘rganish ishlari kuchaytirildi, 37 ta tuman-shaharni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” tasdiqlandi;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida xarid qilinadigan tovarlar (ishlar va xizmatlar) ro‘yxati bekor qilindi;
  • NNTlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari uchun 3,4 mlrd so‘mlik grantlar ajratilib, 45 ta loyiha amalga oshirildi;

- O‘zbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi doirasidagi muhim tashabbuslarni ilgari surishda faol ishtirok etdi.

Yig‘ilishda maishiy korrupsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvi jarayonlarida inson omilini keskin qisqartirish, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha eng quyi bo‘g‘ingacha samarali tizimni shakllantirish, davlat xizmatida halollikni taʼminlash hamda mamlakatning xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Deputatlar tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini yanada oshirish, sohadagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga keng joriy etish hamda korrupsiyaga qarshi taʼlim-tarbiyani kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar bo'yicha galdagi ustuvor vazifalr belgilanib, Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar