Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi ikkinchi milliy maʼruza Senatga taqdim qilindi
Bugun Oliy Majlis Senatining 49-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi. Maʼruzada aks ettirilgan masalalar xususida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, hisobot davridakorrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga bevosita taalluqli 13 ta, shuningdek, boshqa sohalardagi korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish bilan bog‘liq 369 ta loyihalar amalga oshirildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirish va monitoring qilib borish tizimi yaratildi. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi doirasida 62 ta davlat tashkilotining faoliyati, “Ochiqlik indeksi” doirasida 86 ta vazirlik, idora va muassasalarning ochiqlik faoliyati baholandi.

Maʼmuriy islohotlardan so‘ng 89 ta vazirlik va idoralarda ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 19 ta davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqarostandart sertifikatiga ega bo‘ldi.
Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali 39 ta vazirlik va idoralarning 1 701 ta funksiyalaridagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar darajasi baholanib, ularning 177 tasi “yuqori”, 475 tasi “o‘rta” va 1049 tasi “past” toifalarga ajratildi.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar belgilab berildi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlanib, bu orqali davlat organlari xodimlarining kasbiy hamda xizmatdan tashqari faoliyatidagi odob-axloqiga oid normalar qatʼiy belgilandi.
2021-2022-yillarda 4 045 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularning 589 tasida 939 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi hamda loyiha ishlab chiquvchilariga ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar berildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar ham korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi taʼminlandi, jumladan, 2022-yil davomida ijtimoiy taʼminot, ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy himoya, moliya, kredit va bank faoliyati, tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati hamda bojxona ishi va tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga soluvchi 1 791 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, shundan 238 tasida 339 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy va tadbirkorlik sohalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar — “Tashabbusli byudjet” loyihasi, “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi, “E-auksion” elektron savdo platformasi ishga tushirildi. Bundan tashqari, kapital qurilish, oliy taʼlim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirish ishlari davom ettirildi.

Ko‘rilayotgan choralar natijasida aholida korrupsiyaga qarshi murosasiz muhit paydo bo‘ldi O‘zbekistonning bu boradagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilandi.
Maʼlumot uchun: “Transparency International” korrupsiyani qabul qilish indeksida 14 pog‘ona, “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkilotining huquq ustuvorligi indeksining “korrupsiyaning mavjud emasligi indikatorida 4 pog‘ona, Jahon Boshqaruv sifati indikatorlari (WGI)ning “korrupsiyani tiyib turish” indikatorida 15 pog‘ona, “Trace Matrix” poraxo‘rlik matritsasida 16 pog‘ona, Hukumat ochiqligi bo‘yicha “Open data inventory” reytingida 5 pog‘ona ko‘tarilishiga erishildi.
A.Burxanov o‘z nutqida shu kabi islohotlar bilan bir qatorda sohadagi muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab vazifalarga ham alohida urg‘u berib o‘tdi. Xususan, Milliy maʼruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ilgari surilayotgan bir qator takliflar xususida to‘xtaldi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyasini qabul qilish, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik tizimini joriy etish kabilar shular jumlasidandir.
Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishda qonun ustuvorligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, mahalla instituti imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanish, ochiq eʼlon qilinishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi. Shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyatiorganlariningkorrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlaridagi masʼuliyatini kuchaytirish, yoshlar bilan ishlash imkoniyatlarini yanada faollashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Xalq vakillari Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida duch kelgan ayrim masalalar yuzasidan ham savol va takliflarini bildirdilar.
Milliy maʼruza bo‘yicha bildirilgan fikr va mulohazalar, taklif va tavsiyalar Agentlik tomonidan atroflicha o‘rganilib, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashda samarali foydalaniladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati