Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasi faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 28-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi elektron platformasi faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bo‘ldi.

Maʼlumot uchun: Virtual akademiya elektron platformasida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul bo‘lgan komplayens-nazorat tuzilmalarining 652 nafar xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini taʼminlash” mavzusida, davlat idoralarining 85206 nafar mas’ul xodimlari uchun “Manfaatlar to’qnashuvi to’g’risidagi qonunning mazmun-mohiyati” mavzusida kurslar tashkil etildi. Bu yilgi o‘quv reja-grafigiga muvofiq, mart oyidan boshlab har oyda 10 tadan vazirlik va idoralar xodimlarini o‘qitish nazarda tutilgan.

O‘tgan davr mobaynida Agentlik va Akademiya tomonidan Virtual akademiyada o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat xizmatchilari kontingenti hamda yillik o‘qitish reja-grafigi, o‘quv dasturlari tasdiqlandi. Shuningdek, 10 ta o‘quv qo‘llanma, o‘quv-uslubiy material ishlab chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yillik ilmiy-tadqiqot ishlarining tavsiyaviy mavzulari shakllantirildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari, oliy taʼlim muassasalari, professional taʼlim va akademik litseylar talabalari uchun mo‘ljallangan maxsus o‘quv dasturlari tasdiqlandi.

Agentlik direktori Virtual akademiya elektron platformasida sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, maxsus o‘quv dasturlarini maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi, oliy taʼlim muassasalari o‘quv dasturlari bilan moslashtirish choralarini ko‘rish lozimligini qayd etdi.

Shuningdek, Agentlik tomonidan eʼlon qilib kelinayotgan reytinglarda qoniqarsiz ko‘rsatkichlarni qayd etgan davlat idoralari va tashkilotlari mas’ul xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati