Korrupsiyaga qarshi kurashishda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanildi
Xabaringiz bor, ayni kunlarda parlament a'zolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillaridan iborat Respublika ishchi guruhi joylarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar holatini o'rganmoqda.
Xususan, Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilgan o'rganishlar natijalari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining To'rtko'l tumanida bo'lib o'tgan sayyor majlisida muhokama qilindi.
Milliy kengash raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida o'tkazilgan tanqidiy yig'ilishda respublikada jinoyatchikning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari holati tanqidiy tahlil qilindi.
Yig'ilish yakunida hududda jinoyatchilikning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashishda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi rahbarlarga nisbatan qatʼiy chora ko‘rish bo‘yicha Milliy kengash qarori qabul qilingan edi.
Shunga ko‘ra, Milliy kengashning tavsiyasiga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator davlat idoralari va tashkilotlarining turli darajadagi rahbarlariga nisbatan jazo choralari ko‘rilishi ta'minlandi.
Xususan, bir nafar tuman hokimi, 3 ta tumanning maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshliqlari, bitta tuman qurilish bo‘limi boshlig'i, ikkita tumanning tibbiyot birlashmasi boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, tuman hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining lavozimlari bir pog‘ona pasaytirildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi, Sog‘liqni saqlash vazirlari, Xo‘jayli tumani hokimi, Beruniy tumani hokimining o‘rinbosari, Nukus shahar IIB boshlig‘i, Shumanay tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, Amudaryo tumani ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig'i, Taxiatosh tumani qurilish bo‘limi boshlig'i, To‘rtko‘l va Qo‘ng‘irot tumanlarining IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshliqlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Respublika idoralararo ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda korrupsiya xavfi yuqori sohalarda o‘rganishlar olib borilmoqda.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha har bir hudud kesimida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha kompleks "Yo'l xarita"lari tasdiqlanib, masʼuliyatsizlik va sustkashlikka yo'l qo'ygan masʼul rahbarlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘rish ishlari davom ettiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati