Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari rahbar va xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishning test sinovi bosqichi bo'lib o'tdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimida profilaktikaning ta’sirchan vositalaridan biri sifatida yangi tizim — davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) bo'linmalari faoliyati bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Jumladan, komplayens nazorati instituti ilk bor qonun darajasida mustahkamlandi hamda ularga keng vakolatlar berildi.
Shuningdek, komplayens xodimlarining mustaqilligi va xavfsizligi huquqiy jihatdan kafolatlanib, ularning davlat himoyasida bo‘lishi belgilandi.

Prezident Administratsiyasi tarkibida Komplayens xizmati tashkil etildi, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari joriy qilinib, ichki nazorat bo‘linmalari mustaqil tuzilma sifatida qayta tashkil etildi.
Davlat organlari va tashkilotlaridagi ichki nazorat bo‘linmalari halol, professional va tajribali rahbar va xodimlar bilan to‘ldirildi.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi 196 ta davlat organi va tashkilotida 1680 nafardan ortiq mutaxassis korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ichki nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanmoqda.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, bugun Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ichki nazorat bo‘linmalari rahbar va xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishning test sinovi bosqichi bo'lib o'tdi.
Attestatdan asosiy maqsad — ichki nazorat bo‘linmalari xodimlarining kasbiga munosiblik darajasini xolisona baholash, ularning qonunchilikda belgilangan malaka talablariga muvofiqligini aniqlash hamda zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni samarali bajarish yuzasidan mas’uliyatini oshirishdan iborat.

Suhbat bosqichi joriy yilning 28-sentabr sanasidan boshlab, reja-grafik asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati