Virtual qabulxona

Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida korrupsiyaning oldini olish ishlarining holati tanqidiy muhokama qilindi

Asosiy yangiliklar 2 518 marta körilgan

Bugun Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Narbayeva ishtirokida Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlar ijrosi doirasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish borasidagi ishlar holati muhokamasiga bag‘ishlangan sayyor majlis o‘tkazildi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida "korrupsiyasiz soha" loyihasining ijrosi yuzasidan axborot berdi.

Taʼkidlanganidek, loyiha doirasida elektron shaklda ko‘rsatiladigan 10 dan ortiq davlat xizmati joriy etilib, 8 turdagi hujjat va maʼlumotni aholidan talab qilinishi to‘liq bekor qilindi. 220 nafar xodimda manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanib, bartaraf etish choralari ko‘rildi. Maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarida korrupsiyaga qarshi taʼlim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturi joriy etildi.

Majlisda shu kabi ijobiy ishlar bilan bir qatorda dolzarb yo‘nalishlarda ayrim muammoli holatlar mavjudligi qayd etilib, sohada korrupsiya xavfini kamaytirish va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, davlat xaridlari va byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan samarali ichki moliyaviy nazoratni yo‘lga qo‘yish, qonunbuzilishi holatlari uchun javobgarlikni kuchaytirish, raqamlashtirish orqali taʼlim muassasalarida rahbar va pedagog xodimlarni ishga qabul qilish jarayonida korrupsion omillarni bartaraf etish, autsors xizmatini butun respublika bo‘yicha to‘liq tashkil qilish kabi takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari, muassasalari o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish reytingini joriy qilish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va samarali tashkil etish choralarini ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Maktab va maktabgacha taʼlimi tashkilotlarini “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasiga integratsiya qilish, “Tarbiya” fani doirasida halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirishni nazarda tutuvchi o‘quv soatlarini joriy etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishi zarurligiga ham alohida urg‘u berildi.

Muhokama qilingan muammolar, ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan masʼul rahbarlarning fikr-mulohazalari tinglandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar