Virtual qabulxona

Davlat xizmatida halollik va aksilkorrupsiya tashabbuslari bo‘yicha Malayziya tajribasi o‘rganilmoqda

Asosiy yangiliklar 1 209 marta körilgan

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda ushbu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish vazifalari belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida joriy yilning 26-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Rahbar kadrlarni baholash markazi hamda Malayziyaning Halollik instituti vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Unda malayziyalik hamkorlar tomonidan “Halollikni aniqlash profili” onlayn taqdimot qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat dasturida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi buyurtmasi asosida 2025 yil davomida kamida 500 nafar rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga qarshi barqarorligi darajasini baholash;

Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo‘yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish asosida taʼsirchan chora-tadbirlarni joriy etishga oid takliflarni muntazam (yiliga kamida bir marta) kiritib borish vazifasi belgilangan.

Joriy yilning 5-mart kuni Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ham ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini keng qo‘llagan holda mamlakatda preventiv mexanizmlar samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hozirgi kunda topshiriq ijrosi doirasida Ekspertlar kengashi tuzilgan bo‘lib, ular tomonidan “Davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi barqarorligini baholash metodologiyasi” ishlab chiqildi va ushbu metodologiyani Malayziya tajribasi asosida takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani O‘zbekistonda tatbiq etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.

Korruspiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar