Virtual qabulxona

Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdagi yangiliklarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Asosiy yangiliklar 3 043 marta körilgan

Joriy yilning 7-iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov ishtirokida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, yangiliklari va ahamiyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda A.Burxanov taʼkidlanganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya islohotlarining davomiyligini va qatʼiy siyosiy irodani namoyon qildi. Chunki bu xorijiy amaliyotda ham prinsipial, eng dolzarb hujjatlardan sanaladi.

O‘zbekistonda ushbu sohani huquqiy tartibga solish zarurligini hayot va amaliyotning o‘zi ko‘rsatdi.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2022-2023 yillardadavlat xaridlari bo‘yicha 4,5 mingta 573 mlrd so‘mlikshartnomalar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan.

Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan tizim tashkilotlarida 141 mlrd so‘mlik 2 720 ta shartnoma haqiqatda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holatda tuzilganligi, 9 ta shartnoma 3 mlrd so‘mga qimmat narxlarda imzolanganligi aniqlangan. 1,5 minga yaqin hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tadbirkorlik subyektlarining boshqaruv organlarida ishtirok etayotganligi aniqlangan.

Muloqot mobaynida “O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-210-son, 05.06.2024 y.) xususida ham batafsil maʼlumot berildi. Qarorga ko‘ra, Qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Bosh vazir raisligidagi Respublika idoralararo komissiyasi faoliyati tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari etib belgilandi.

Qarorda qonun ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan bir qator muhim vazifa va maqsadlar belgilandi. Jumladan, joriy yilning 1-iyul sanasiga qadar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantiriladi. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, jami 27 mingdan ortiq davlat tashkilotlari faoliyati o‘rganilib, ularda aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish choralari ko‘riladi. Davlat ulushi bo‘lgan 2000 dan ortiq yuridik shaxslarning davlat xaridlarini belgilangan tartibga rioya qilinishi taʼminlash yuzasidan amaliy ko‘mak beriladi.

Shuningdek, “E-anticor.uz” platformasida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda davlat xizmatchilari qabul qilgan sovg‘alar to‘g‘risidagi elektron reyestr shakllantiriladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan zarur o‘qitish va tushuntirish ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, ularni bartaraf etish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqiladi. Shuningdek, ro‘yxatdagi davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun onlayn test sinovlari o‘tkaziladi.

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida rejalashtirilayotgan shu kabi vazifalar, yangi mexanizmlar bo‘yicha OAV vakillari, bloger va jamoatchilik faollarining savollariga masʼullar tomonidan batafsil javob qaytarildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar