Markaziy Osiyo mintaqaviy platformasi doirasida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha xalqaro trening o‘tkazildi
Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida “Manfaatlar to‘qnashuvi: huquqiy asoslar va huquqni qo‘llash amaliyoti” mavzusida xalqaro trening o‘tkazildi. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), Gonkong Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiyasi (ICAC), Jahon banki hamda Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili ishtirok etdi.

Trening BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini (UNCAC) jadal implementatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil qilingan Markaziy Osiyo mintaqaviy platformasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Maʼlumot uchun: Mintaqaviy platforma 5 ta ishtirokchi davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish, qonunchilikni takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etishga xizmat qiluvchi doimiy hamkorlik mexanizmi hisoblanadi. Uning asosiy vazifalaridan biri davlat organlari, akademik doiralar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida barqaror muloqot va hamkorlikni taʼminlashdan iborat.


Unda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablari, Gonkong, Jahon banki hamda Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash, oldini olish va tartibga solish sohasidagi ilg‘or huquqiy va institutsional tajribalari muhokama qilindi.Shuningdek, davlat xaridlari, soliq, bojxona va investitsiya sohalariga oid amaliy keyslar tahlil qilinib, korrupsiya xavflarini barvaqt aniqlash va profilaktika qilish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.


Trening doirasida O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan so‘nggi islohotlar va mavjud tajriba tadbir ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otib, mazkur yo‘nalishdagi O‘zbekiston tajribasi eʼtirof etildi.Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston va Tojikistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli organlari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma o‘quv tadbirlari tashkil etish va xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlik izchil davom etmoqda. Bu hamkorlik mamlakatlarning BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarini samarali amalga oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va korrupsiyaning oldini olish sohasidagi institutsional salohiyatini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati