Virtual qabulxona

MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashi yig‘ilishida O'zbekiston tajribasi taqdimot qilindi

Asosiy yangiliklar 2 239 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDHning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlatlararo kengashining 9-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Maʼlumot o‘rnida: Mazkur yuqori darajadagi tadbirning maqsadi - korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar, mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyatidagi noqonuniy ishtiroki bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishdagi qiyinchiliklar va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish hamda tajriba almashishdan iborat.

Shu maqsadda unda MDHning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlatlararo kengashiga aʼzo davlatlar — Armaniston, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalari hamda Rossiya Federatsiyasining aksilkorrupsiya idoralari rahbarlari jamlandi.

Yig‘ilishda Agentlik direktori Akmal Burxanov ishtirokchilarni davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda olib borilayotgan aksilkorrupsiya siyosati, jumladan, mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari - Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablarini implementatsiya qilish bo‘yicha Mintaqaviy platforma doirasidagi birgalikdagi faoliyat, xususan, davlat xizmatida halollikni taʼminlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish, korrupsiyaga qarshi ekspertiza, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlik yo‘nalishlaridagi ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilish mobaynida ishtirokchilar tomonidan korrupsiya - transmilliy darajaga aylanib ulgurgani, unga qarshi kurashishda esa xalqaro va mintaqaviy darajadagi saʼy-harakatlarning muhimligi, hamkorlikda choralar ko‘rishning usul va mexanizmlari muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar