Virtual qabulxona

Murojaatga ko'ra noqonuniy to'siqlar bartaraf etildi

Asosiy yangiliklar 1 545 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani “Mustaqillik" MFYda yashovchi fuqaro N.Ergashevadan murojaat kelib tushdi.

Unda bayon etilishicha, murojaatchining e-auksion savdo platformasi orqali 2022-yilda sotib olgan 2 ta yer uchastkasiga nisbatan tuman hokimligining qarzdorliklari bo‘yicha qo‘yilgan taqiqlar Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi tomonidan shu vaqtga qadar bekor qilinmagan.

Natijada N.Ergasheva yer uchastkasiga bo‘lgan huquq va foydalanish mumkin bo‘lgan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshira olmay, qiyinchiliklarga duch kelgan.

Agentlik tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Kadastr agentligining soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘tkazilgan o’rganishda murojaatda qayd etilgan holatlar o’z tasdig’ini topdi.

Aytish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-162-son Qarori (6-bandi “g”-kichik bandi)ga asosan davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘sh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari bo‘yicha taqiqlar tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda xaridorlarga to‘siqlarsiz rasmiylashtirib berilishi lozim.

Yuqoridagilarga ko’ra, Agentlik ko’magida qonunchilik doirasida fuqaroning yer uchastkalariga nisbatan qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar