Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan korrupsiyaga qarshi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Yaponiya Nagoya iqtisodiyot universiteti Kuzatuv kengashi raisi Sueoka Hitoshi va prezidenti Haruo Saburini qabul qildi.
Muloqot avvalida Agentlik direktori Yaponiya, xususan, JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) hamda Nagoya iqtisodiyot universiteti bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikni, jumladan, 2024–2025-yillarga mo‘ljallangan “Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida korrupsiyaga qarshi choralarni qo‘llab-quvvatlash” texnik ko‘mak loyihasining ahamiyati va natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda Agentlik va Nagoya iqtisodiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlarini aniqlash mexanizmlarini kuchaytirish, davlat xizmatchilari uchun “halollik vaksinası” tamoyili asosida odob-axloq qoidalari bo‘yicha o‘quv dasturlarini tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha Agentlik tomonidan ilgari surilgan takliflar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik bitimini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Shu bilan birga, rejalashtirilayotgan tadbir va loyihalarni har tomonlama puxta ko‘rib chiqish, ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish hamda kelgusi maqsad va vazifalarni belgilab olish maqsadida mazkur masalalar bo‘yicha muhokamalarni navbatdagi muloqotda davom ettirishga kelishib olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati