Namangan viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari Milliy kengash yig‘ilishida tanqidiy ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining bugun Namangan viloyati Pop tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor majlisida viloyatda jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini quyi bo‘g‘inga olib tushish borasidagi ishlar Davlatobod tumanini "Korrupsiyasiz hudud"ga aylantirish loyihasi misolida Namangan viloyatida birinchilardan bo‘lib tashkil qilingan.
Bu boradagi tizimli ishlar natijasida viloyatda korrupsiya darajasining o‘tgan yillarga nisbatan kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Majlisda ijobiy natijalarga qaramay, ochiqlikni taminlash, raqamlashtirishni kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvi holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlar sust yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr, bandlik, bank va energetika sohalarida korrupsiya holatlari haligacha uchrab turibdi.

Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarning yakunlari asosida batafsil axborot berdi.
—Qayd etilgan sohalarda byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish, imtiyozli kredit va subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirish, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni yashirish, ishga kirish va dars soatlarini taqsimlash jarayonlarida tanish-bilishchilik, taʼmagirlik, davlat xaridlarini noqonuniy amalga oshirish holatlari kuzatilmoqda. Bundan tashqari, shu yilning may-iyun oylarida o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida viloyatning 44 nafar boshqaruv xodimi 47 ta tadbirkorlik subyektida taʼsischi va rahbarlik qilishi aniqlandi, — dedi Akmal Burxanov.

Ana shunday salbiy holatlar va tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 nafardan ortiq rahbarga nisbatan qatʼiy chora ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritilgani ma'lum qilindi.
Qayd etilgan masalalar yuzasidan sohalarga masʼul rahbarlarning tushuntirishlari eshitildi.

Majlisda Pop tumanini “Korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirishga oid alohida amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Muhokama yakunida masʼullar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati