Virtual qabulxona

Namangan viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar holati o‘rganildi

Asosiy yangiliklar 602 marta körilgan

Namangan viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si doirasidagi dastlabki ishlar o‘rganildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov hamda Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov "Obi hayot" mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan zamonaviy mahalla idorasi va huquq-tartibot maskani faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

O‘rganishlar davomida "mahalla yettiligi" tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda tizim samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi. Har bir xodim bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida ularning o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlari, mavjud muammolar va faoliyatni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflari tinglandi.

“Obi hayot” mahallasi hududida joylashgan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini yangicha qiyofaga kiritish, davolash ishlari uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘rganish ishlari yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, qurilish jarayonlarini sifatli va o‘z vaqtida yakunlash yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi.

24/7 rejimida faoliyat yurituvchi "Yoshlar sayilgohi"da yo‘lga qo‘yilgan xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar. O‘rganishlar davomida sayilgoh hududida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan loyihalar ko‘zdan kechirildi.

"Chorsu dehqon universal bozori" AJ hududida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari, iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasidagi ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

Bozorda zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, savdo jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda xavfsizlik choralarining samaradorligi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar