NNT vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘quv treninglar dasturi boshlandi
Bugun “Transparency International Latviya” va “Transparency International Qirg‘iziston” ekspertlari ishtirokida mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi o‘quv treninglar dasturiga start berildi.

Dasturning asosiy maqsadi — fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi salohiyatini oshirish, ularning mazkur yo‘nalishdagi ishtiroki va amaliy mexanizmlarini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

Dastur doirasidagi dastlabki trening Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tkazildi. Keyingi o‘quvlar 6–12 oktabr kunlari Farg‘ona, Sirdaryo, Navoiy va Xorazm viloyatlarida tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Treninglar davomida korrupsiyaning oldini olishda NNTlarning ishtiroki, jamoatchilik monitoringini o‘tkazish, muqobil hisobotlar tayyorlash hamda jamoatchilik tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazishning tegishli asoslari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalar mustahkamlanadi.

Mazkur dastur Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda“Transparency International Latviya” tomonidan “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish — korrupsiyaning inklyuziv tarzda oldini olish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyiha Latviya Respublikasining Markaziy moliya va shartnomalar agentligi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida, shuningdek, Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi hamkorligida moliyalashtirilmoqda.

Treninglar tafsiloti rasmiy sahifalarimiz orqali yoritib boriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati