Odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygani uchun hokimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi A.Mamatqulovning g‘alla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ularga nisbatan haqoratli va tahqirlovchi munosabatda bo‘lgani aks etgan holatlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-eʼtiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qatʼiy rioya qilishi shart.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida Surxondaryo viloyati hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, Muzrabot tumani hokimi A.Mamatqulovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, davlat xizmatida yuksak kasbiy va axloqiy standartlarni qaror toptirish hamda qonun buzilishi holatlariga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash ishlari izchil davom ettiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati