Yoshlar bilan korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy yechimlari xususida muloqot qilindi
Olmaliq shahridagi “Metallurg” madaniyat saroyida “Raqamli transformatsiya va innovatsiyalar: ishlab chiqarishda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy yechimlari” mavzusida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va “Olmaliq KMK“ AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, kombinat mas’ullari va yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz taraqqiyoti, sanoat rivoji va korrupsiyaning oldini olishda raqamli transformatsiya, innovatsiyalar hamda ishlab chiqarish jarayonlarida halollik tamoyillarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Hozirgi kunda OKMKda 8 899 nafar yosh ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan bo'lib, kombinatning bugungi va ertangi taraqqiyoti avvalo yoshlar salohiyati, ularning bilim va innovatsion tafakkuri bilan bevosita bog‘liqligi qayd etildi.


Muloqotda kombinatda joriy etilgan sun’iy intellekt, katta hamjdagi raqamli ma’lumotlar, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari haqida ma'lumot berilib, ushbu texnologiyalar faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish yoki xarajatlarni kamaytirish uchungina emas, balki korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishning eng samarali vositalaridan biri sifatida ham ahamiyatli ekanligi ta'kidlandi.


Muhokamalarda yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga oid fikr-mulohazalari va takliflari tinglanib, ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati