O‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Stolpe bilan uchrashdi.

Uchrashuvda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirish doirasida berilgan tavsiyalarni amalga oshirishda erishilgan natijalar va mavjud muammolar, joriy yil Dohada bo'lib o'tadigan Konvensiya ishtirokchi-davlatlar konferensiyasi oldidan mamlakatlar o‘rtasida kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish imkoniyatlarini o‘rganish, shu jumladan, rezolyutsiya loyihalariga takliflarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikdagi rejalar muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Agentlik direktori O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida xalqaro hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi, bu borada BMT tuzilmalari, xususan, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi doimo O'zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

O.Stolpe O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi muhim islohotlar, xususan, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi preventiv mexanizmlarni joriy etish, sohada raqamlashtirishni rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.

Muloqot yakunida BMT vakili Agentlik tomonidan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilgari surilgan o‘zaro manfaatli takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni istiqbolda amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati