Virtual qabulxona

O‘zbekiston va Germaniya korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Asosiy yangiliklar 911 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) direktori doktor Shtefan Hyulshyorster boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani va barcha davlat idoralarida komplayens-nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgani hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, ijrosi ta’minlanayotgani e’tirof etildi.

Muzokaralar davomida asosiy e’tibor 2026-yilgi hamkorlik rejasi doirasida korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish mexanizmlari, xususan Germaniyalik ekspertlarni jalb qilgan holda xabar beruvchilarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, xavfsiz aloqa kanallarini yaratish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash metodologiyasini ishlab chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan bir qatorda, uchrashuvda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish masalasi hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida qayd etildi. Tomonlar Germaniyaning ilg‘or tajribasi asosida davlat organlari faoliyatidagi korrupsiyaviy bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldilar.

O‘z o‘rnida, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va raqamlashtirish borasidagi ishlar IRZ vakillari tomonidan yuqori baholandi.

Tadbir yakunida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va IRZ jamg‘armasi o‘rtasida hamkorlikni tizimli va samarali davom ettirish maqsadida keyingi qadamlar belgilab olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar