O'zbekistonda korrupsiyaning oldini olishda joriy qilinayotgan raqamli yechimlar taqdimot qilindi
Shu kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha BMTning 15-Kongressi doirasida korrupsiyaning inklyuziv va samarali oldini olish uchun ma’lumotlardan foydalanish bo'yicha O'zbekiston tajribasi taqdimot qilindi.

Mazkur mavzuga bag'ishlangan maxsus sessiyada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari chiqish qilib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va raqamli texnologiyalarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan tizim shakllantirish borasida amalga oshirilgan amaliy ishlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Taqdimotda xususan, korrupsiyani barvaqt aniqlashga qaratilgan E-antikor.uz platformasi, "Raqamli komplayens" dasturiy kompleksi va Korrupsiyani oldini olish klasteri kabi zamonaviy preventiv mexanizmlar ishga tushirilgani ta'kidlandi.

Shuningdek, har bir davlat tashkiloti, hududlar va sohalar kesimida korrupsiya xavf-xatarlari xaritasi, korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlash tizimi joriy etilayotgani, xabar beruvchilarni himoya qilish choralari takomillashtirilayotgani qayd etildi.

Sessiya yakunida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda raqamli yechimlar ko'lamini kengaytirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati