“Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Bugun Toshkent shahrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tashabbusi bilan “Raqamli transformatsiya sharoitida inson huquqlari: zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Uning doirasida Ombudsman hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Mazkur kelishuv Prezidentning 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.


Hujjat bilan ikki idora o’rtasidagi hamkorlik quyidagi shakl va faoliyat yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
- inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va korrupsiyaning oldini olishda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
- sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish;
- fuqarolar murojaatlari tahlili natijalari yuzasidan axborot va materiallar almashish;
- korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarning o‘z huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish, shuningdek, davlat organlari faoliyatini monitoring qilishda jamoatchilik ishtirokini rag‘batlantirish;
- xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish.

Mazkur kelishuv inson qadrini ustuvor qo‘yish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda aholining qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati