Samarqand viloyatida ochiq maʼlumotlarning e'lon qilinishi holati o'rganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida joriy yilning 2-choragi yakunlari bo‘yicha davlat rahbarining PF-6247-son Farmoniga (lex.uz) asosan ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni eʼlon qilib borilishi tahlil qilindi.
Shuningdek, Jomboy va Pastdarg‘om tumani hamda Samarqand shahar hokimliklarining bu boradagi faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ro‘yxatga asosan tuman hokimliklariga 12 turdagi maʼlumotlarni davriy ravishda ochiq eʼlon qilib borish majburiyati yuklatilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan 3 ta hokimlik tomonidan eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan 36 ta majburiyatning birortasi bajarilmaganligi, belgilangan maʼlumotlar ochiqlanmagani aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko'ra, o‘rganish o‘tkazilgan hokimliklar bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf qilish va qonunbuzilishlarini sodir etgan masʼul xodimlarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan 2 ta taqdimnoma kiritildi va 1 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi.
O'rganish davrida Jomboy tumani hamda Samarqand shahar hokimliklari faoliyatida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi ta'minlandi.
Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqdaryo, Samarqand, Tayloq, Qo‘shrabot tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlari ishchi holatda emasligi, Urgut tuman hokimligi tomonidan faqatgina 3 turdagi maʼlumotlar ochiqlanganligi, Bulung‘ur, Ishtixon, Nurobod, Payariq, Paxtachi tuman hokimliklari tomonidan ochiq maʼlumotlar umuman joylashtirilmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Narpay tuman hokimligi saytida umuman ochiq maʼlumotlar sahifasi tashkil etilmagan.
Ochiqlikni ta’minlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish bo‘yicha majburiyatlarini monitoring qilish ishlarini muntazam davom ettiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati