Virtual qabulxona

Samarqand viloyatida subsidiya mablag‘larining maqsadsiz sarflanganligi aniqlandi

Asosiy yangiliklar 593 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 22-iyuldagi 307-son qarori asosida ajratilgan subsidiya mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi bo‘yicha Samarqand viloyatida o‘rganishlar o‘tkazildi.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, 2023-2024 yillar davomida tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan jami 7,9 mlrd so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lardan 1,8 mlrd so‘mlik qismi o‘zlashtirib yuborilgan.

Jumladan, Ishtixon tumanida 423,7 mln so‘mlik, Kattaqo‘rg‘on shahrida 547,3 mln so‘mlik, Narpay tumanida 263,7 mln so‘mlik, Nurobod tumanida 300,1 mln so‘mlik, Oqdaryo tumanida 106,2 mln so‘mlik, Payariq tumanida 102,8 mln so‘mlik, Urgut tumanida 85,5 mln so‘mlik subsidiya mablag‘lari uchun kasanachilarga asbob-uskunalar yetkazib berilmagan.

Shuningdek, ijtimoiy shartnoma shartlarining bajarilishi subsidiya mablag‘lari ajratilgan ro‘yxatdagi kasanachilarning ish bilan bandligini taʼminlanganligi hamda ish haqlarining hisoblanishi soliq organlariga topshirilgan hisobotlari asosida o‘rganilganda Qaror talablari buzilishi, ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganligi holatlari aniqlandi.

Qaror talabi bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham masʼuliyatsizlik va qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

To‘plangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar