Kattaqo‘rg‘on tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha Dastur ijrosi o‘rganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanini “korrupsiyadan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha Dastur ijrosi o‘rganildi.

Ma‘lumot uchun: Dastur korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt oldini olish, raqamlashtirish darajasini oshirish, davlat idoralari faoliyatini ochiq, shaffof va hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan 98 ta chora-tadbirni qamrab olgan.


O‘rganishlar davomida asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:
- tuman tibbiyot birlashmasida xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, dori vositalarini elektron hisobga olish hamda ular harakatini to‘liq nazorat qilishga qaratilgan “DMED” axborot tizimi joriy etilgani qayd etildi. Dastur doirasida 286 mingdan ortiq fuqarolarning ma’lumotlari axborot tizimiga kiritilgan bo‘lib, u orqali joriy yilning 7 oyida 880499 ta tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan va 36499 nafar bemorlarga elektron retsept yozilgan;

- ishchi guruh tomonidan tumandagi 23-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati ham o‘rganildi. Mazkur tashkilotda tarbiyalanuvchilarni issiq ovqat bilan ta’minlash xizmati autsorsing asosida tashkil etilgan bo‘lib, ovqatlantirish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida belgilangan talablarga rioya qilinishi, oziq-ovqat mahsulotlarining qabul qilinishi, saqlanishi va sarflanishi, tayyorlanayotgan taomlarning belgilangan me’yorlarga muvofiqligi, shuningdek, resurslardan maqsadli foydalanish holatiga e’tibor qaratildi;


O‘rganish yakunlari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi a’zolari ishtirokida tuman tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati tanqidiy muhokama qilindi. Muhokama davomida mas’ul rahbarlarning amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.


Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, har bir band ijrosi bo‘yicha shaxsiy javobgarlikni va nazoratni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati