Samarqandda korrupsiyaga qarshi kurashishda jurnalistik surishtiruvga oid trening o‘tkazildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Boltiq OAVni rivojlantirish markazi va Riga oliy huquqshunoslik maktabi hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashishda surishtiruv jurnalistikasi bo‘yicha xabardorlik va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan trening bugun Samarqand shahrida o‘tkazildi.

Treningda viloyat jurnalist va blogerlari, matbuot kotiblari, jurnalistika yo‘nalishi talabalariga mahalliy va xalqaro ekspertlardan jurnalistik surishtiruv asoslari, OAV va internet orqali korrupsiyaning oldini olishda o‘ziga xos mexanizmlar bo‘yicha amaliy bilim va tavsiyalar berildi.

Korrupsiyaga oid materiallar tayyorlashda maʼlumotlar to‘plash, ulardan foydalanish, tahlil qilish va jamoatchilikka taqdim etishda qonunchilik talablari hamda kasb etikasiga rioya etish, jurnalistning huquqiy himoyasi bo‘yicha xorijiy amaliyot va tajriba bilan tanishildi.

Turli keyslar va amaliy mashg‘ulotlar orqali jurnalistik surishtiruv olib borishda faktlarni to‘g‘ri tahlil va talqin qilish, obyektivlik va shaffoflikni taʼminlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur trening Yevropa Ittifoqi va Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish: korrupsiyaning oldini olishda inklyuziv yondashuv” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati