Virtual qabulxona

Shvetsiyada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim kelishuvlarga erishildi

Asosiy yangiliklar 745 marta körilgan

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Shvetsiyaning Lund va Stokgolm shaharlarida bo‘ldi.

Tashrif doirasida korrupsiyaga qarshi davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or tajribalar, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmlari hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashildi va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Delegatsiya dastlab BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi hamda Raoul Wallenberg nomidagi Inson huquqlari va gumanitar huquq instituti, Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro resurs markazi (U4), shuningdek, qator xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari vakillari ishtirokida tashkil etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari bilan strategik almashinuv: korrupsiyaga qarshi kurash va inson huquqlari integratsiyasi” mavzusidagi amaliy muloqotda qatnashdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi vakili Mariya Xose Veramendi hamda Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro resurs markazi (U4) eksperti Daniela Sepeda bilan uchrashuvlarda tajriba almashish va qo‘shma o‘quv tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Poraxo‘rlikka qarshi institut bosh kotibi Viktoriya von Uexkul bilan muloqotda tadbirkorlik muhitida halollik tamoyillarini qaror toptirish va davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Shvetsiya politsiyasi Milliy aksilkorrupsiya bo‘limi boshlig‘i Eva Xallstryom bilan davlat xaridlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, xabar beruvchilarni himoya qilish va raqamli platformalarni boshqarish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Mamlakat prokuraturasining Milliy korrupsiyaga qarshi kurashish maxsus bo‘linmasi rahbari Mats Yansson bilan uchrashuvda korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish va ularning oldini olishning samarali mexanizmlariga alohida e'tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida mazkur yo‘nalishlarda tajriba almashish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati

Öxşaş materiallar