Sirdaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Baxriddin Valiyev boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida navbatdagi o‘rganish tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, Yangiyer shahri, Sayxunobod, Oqoltin tumanlaridagi maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Bu borada bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi maʼlumotlarni o‘z vaqtida eʼlon qilish, kadrlarni ishga qabul qilish, dars soatlarini adolatli taqsimlash, ustama to‘lovlarini amalga oshirish kabi jarayonlarda shaffoflik va xolislikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali, Guliston tibbiyot klasteri, Sirdaryo, Xovos, Guliston va Shirin shahar tibbiyot birlashmalarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda bepul va pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi, tibbiy jihozlar va dori vositalari bilan taʼminlash, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish jarayonlari, korrupsiya xavflarini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Bundan tashqari, Kadastrlar palatasi faoliyatida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan raqamlashtirish chora-tadbirlari va ularning natijalari Boyovut va Xovos tumanlari misolida ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning ayrim hollarda to‘liq bajarilmayotgani yoki umuman ijrosiz qolib ketayotgani Ishchi guruh rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tanqidiy muhokama qilindi.

Jumladan, tibbiyot muassasalarida DMED axborot tizimi imkoniyatlarini to‘liq joriy etish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot materiallari va ishonch telefonlari haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish, maktabgacha va umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarida kuzatuv kameralarini o‘rnatish hamda Face-ID tizimini joriy etish, budjet mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanish bilan bog‘liq masalalarda yo‘l qo‘yilayotgan sustkashliklarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Muhokamalar yakunida masʼul idora va tashkilotlarga “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda chuqur tahlil va tizimli nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati